O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI «O‘ZKIMYOSANOAT» AKSIYADORLIK JAMIYATI Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Toshkent kimyo-texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti O’Z-O’ZIDAN ZICHLASHUVCHI BETON TARKIBINI LOYIHALASH bo’yicha o’quv-uslubiy qo’llanma

KIRISH
Hozirgi zamon qurilish sanoati doimiy ravishda rivojlanib, yangi texnologiyalar va materiallarni joriy etishni talab qilmoqda. Qurilish ishlarining samaradorligini oshirish, mehnat sarfini kamaytirish va yakuniy mahsulot sifatini yaxshilash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Aynan shu kabi muammolarni hal qilishga qaratilgan innovatsion materiallardan biri bu o’z-o’zidan zichlashuvchi beton hisoblanadi.
O‘z-o‘zidan zichlashuvchi beton yig‘ma beton va temir-beton konstruksiyalarni ishlab chiqarishda, shuningdek, qurilish maydonchasida monolit betonlash ishlarida ishlatilishi mumkin. Ular zavodning beton qorish uzelida tayyorlanib, temir-beton konstruksiyalarni ishlab chiqarish sexiga o‘tkazilishi yoki beton qorishtiruvchi mashinalar yordamida qurilish maydonlariga yetkazilishi mumkin. Keyin qorishmalar gorizontal yoki vertikal konstruksiyalarga nasos yoki quyish uskunalari yordamida yotqizilishi mumkin. Qorishmaning tarkibini loyihalashda konstruksiyaning o‘lchami va shakli, mustahkamlovchi armatura va qoplamaning o‘lchami va zichligi hisobga olinishi kerak.
O’z-o’zidan zichlashuvchi beton – bu o’z og’irligi ostida qolipni to’ldirish, zich armaturalangan konstruksiyalarda bo’shliqlarni to’ldirish va vibratsiya kabi qo’shimcha mexanik ta’sirlarsiz zichlashish qobiliyatiga ega bo’lgan yuqori oquvchan beton qorishmasidir. Ushbu xususiyat unga murakkab shakldagi me’moriy elementlarni yaratishda, zich armaturali konstruksiyalarni betonlashda va qurilish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishda keng qo’llash imkonini beradi.
O’z-o’zidan zichlashuvchi beton texnologiyasi XX asrning 80-yillari oxirida Yaponiyada professor Hajime Okamura, Masahiro Ouchi, Koichi Maekawa va Kazumasa Ozawa tomonidan qurilish sohasidagi malakali ishchilarning yetishmasligi muammosiga javob sifatida ishlab chiqilgan. O’shandan beri bu texnologiya butun dunyoda keng tarqalib, o’zining afzalliklari tufayli qurilishda inqilobiy o’zgarishlarga sabab bo’ldi.
Ushbu uslubiy qo’llanmaning asosiy maqsadi – talabalar, yosh tadqiqotchilar va qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan muhandislarga o’z-o’zidan zichlashuvchi betonning nazariy asoslari, tarkibini loyihalash tamoyillari, texnologik jarayonlari va sifat nazorati usullari haqida ma’lumot berishdan iborat. Qo’llanmada o’z-o’zidan zichlashuvchi betonning tarkibiy qismlari, ularning o’zaro ta’siri, Okamura metodologiyasi asosida beton qorishmasini loyihalash bosqichlari, reologik xususiyatlarini aniqlash usullari va amaliy qo’llanilishi bo’yicha batafsil ma’lumotlar keltirilgan.